Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaqin kelajakda mashina bozori bo‘ladimi? Trade-In imkoniyatlariga baho

Yaqin kelajakda mashina bozori bo‘ladimi? Trade-In imkoniyatlariga baho

Foto: «uz24.uz»

Eski avtomobilni yangisiga almashtirish bo‘yicha Trade-In dasturi ish boshlaganiga birmuncha fursat bo‘lib qoldi. Xo‘sh, bu tadbir qanday davom etmoqda, iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlayaptimi? UzAuto mutasaddilari bilan bo‘lib o‘tgan norasmiy uchrashuv vaqtida aynan shu mavzuda jurnalistlar savollariga javob berildi.

Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda Trade-In markazida uchta, Respublika bo‘ylab esa 80dan ortiq dilerlik firmasi ish olib bormoqda. Unda ikkilamchi bozordagi narhlardan yaxshi boxabar mutaxassislar faoliyat yurityapti. Bu mutaxassislar markazga kelgan mashina narhini chiqarib beradi. Albatta narh chiqarishning o‘ziga hos mexanizmi ham joriy etilgan.

Mijoz bu narhga rozi bo‘lgan taqdirda, avtomobil qo‘shimcha texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Agar unda ko‘zga ko‘rinmas nuqsonlar bo‘lsa, malakali ustalar ko‘rigidan so‘ng aniqlanadi. Shundan so‘ng mashinaning yakuniy narhi kelib chiqadi.

— Bu tizim AQShdan olingan. Trade-In markazini ishga tushirishdan oldin AQSh va Kanada tajribasini to‘liq o‘rganib chiqdik va o‘zimizga joriy etdik, — deydi bu haqda UzAuto Motors kafolat va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Baxodir Abdullayev. — Faqat bitta farq, Amerikada ikkilamchi bozorda sotilayotgan avtomobillarning narhi internet-saytlarga asoslanib chiqariladi. Bizda esa bu borada mutaxassislar faoliyat yuritadi.

Albatta Trade-In tizimining afzal jihatlari juda ko‘p. Eng avvalo bu yerda ortiqcha yugur-yugurlardan xoli bo‘lasiz. Eski mashinangizni baholashdan tortib, texnik ko‘rikdan o‘tkazishgacha mutaxassislar ishlaydi. Yangisiga almashtirishda ham xuddi shunday holat - o‘zingizga yoqqan avtoni tanlaysiz va qolganini mutaxassislarga qo‘yib berasiz. Muhim jihatlardan yana biri — bu yerda notarius uchun qo‘shimcha to‘lov qilish shart emas.

Siz nafaqat yangi avtomobil, balki Trade-In markazidagi avval topshirilgan mashinalardan birini ham sotib olishingiz mumkin. Bunday holatda avtomobil sifatiga kafolat diler korxonalar tomonidan beriladi. Kafolat ikki xil bo‘ladi. Birinchisi — sertifikatlangan avtomobil. Buni amalga oshirish uchun avtomobil «UzAuto Motors»da tayyorlanib, ishlab chiqarilganiga uch yil bo‘lgan va 100 ming kilometrgacha yurgan bo‘lishi lozim. Albatta avtomobil 172 punkt asosida tekshiruvdan o‘tishi lozim. Motordan tortib, yurish qismigacha. Shundan so‘ng mashinaning «foydalanish tarixi» yaratiladi va qandaydir kamchilik bo‘lsa to‘g‘irlanib, diler korxona tomonidan kafolat beradi. Ya’ni, 13 ta asosiy tizim bo‘yicha bir yil muddatga va 20 ming kilometrga yoki ikki yil muddat hamda 40 ming kilometrlik kafolat beriladi.

Ikkinchi kafolat turi — mashinaning ijobiy va salbiy jihatlari haqida ma’lumot beriladi. Butun tizimlar diagnostikasi amalga oshiriladi va g‘ildiraklar almashtiriladi. Bunday avtomobillarga uch oy muddat va 7500 kilometrlik kafolat beriladi. Diler korxonasi mijozga qanday extiyot qismlar almashtirilgani haqida to‘liq ma’lumot beradi. Faqat bir narsa yoddan chiqmasligi lozim — kafolat berilgan avtomobilni sotib olgan mijoz o‘z majburiyatlarini ham to‘liq bajarishi lozim. Ya’ni, litsenziya asosida faoliyat yurituvchi joyda o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tishi va moyini almashtirishi shart. Afsuski, ba’zan shunday holat ham uchraydiki, mijoz avtomobilning holatiga bee’tibor bo‘ladi va nosozlik yuzaga kelgan holatda dilerlik firmasiga e’tiroz bildiradi.

O‘zAvto tomonidan Trade-In faoliyatini yaxshilash borasida turli so‘rovnomalar o‘tkazib borilmoqda. Xususan, unga ko‘ra mijozlar kafolat beriladigan avtomobilga qo‘shimcha to‘lov qilishga tayyor ekanliklarini bildirgan. So‘rovnomada ishtirok etganlarning 70 foizi bunga tayyor.

Albatta hozircha Trade-In dasturi to‘liq kuch bilan ishlab ketmadi va mijozlarda ham bu borada to‘liq tushuncha shakllanmagan. Bu esa tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Masalan, mijoz dastlabki narhga rozi bo‘ladi va texnik ko‘rik o‘tkaziladi. Ammo ko‘rikdan so‘ng mijoz fikridan qaytadi. Bunday vaqtda texnik ko‘rik harajati kim tomonidan qoplanadi?

Bunday holatlar surunkali qayd etilgandan so‘ng mashinani sotishdan bosh tortgan mijoz ko‘rik pulini to‘lab berishiga kelishildi. Trade-In faoliyati boshlangandan so‘ng tekin ko‘rikdan o‘tkazish ishqibozlari ko‘payib ketdi. Bu esa tabiiyki markaz faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Texnik ko‘rik narhi qancha, degan savol bo‘lishi mumkin — 70 ming so‘m!

O‘zAvto mutaxassislari bilan bo‘lgan suhbat yakunida jurnalistlar tomonidan bir qator takliflar berildi. Xususan, Trade-In ikkilamchi bozorga kirib borishi lozimligi aytildi. Xususan, Sergelidagi mashina bozorida Trade-In shahobchasini tashkil etib, mijozlarni jalb etsa bo‘ladi. Shu bilan birga eski avtomobilini topshirgan mijozga yangisini olishi uchun chegirmalar berilishi, kredit taqdim etish tizimini shakllantirish mumkinligi aytildi.

— Biz dilerdan mijoz uchun sharoit yaratishini talab qilamiz. Eng avvalo xushmuomala, choy, kofe, degandek. Trade-In tizimining ustun jihati — xizmat ko‘rsatishda bo‘lishi lozim. Hozir ikkilamchi foydalanishdagi avtomobil oldi-sotdisi bozorda bo‘lmoqda. Bunday savdo ko‘pincha soyada qolaldi. Bizning maqsadimiz — mana shu soyadagi savdoni ochiq maydonga olib chiqish, — dedi «O‘zavtosanoat» AJ savdoni rivojlantirish, so‘nggi xizmat ko‘rsatish va komponentlar eksporti boshqarmasining boshlig‘i Shuxrat Mirsamukov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring