Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rasman! Poytaxtga Toshkent viloyatidan kirib-chiqish yopilmadi

Rasman! Poytaxtga Toshkent viloyatidan kirib-chiqish yopilmadi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining axboroti e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, mamlakatimizda joriy yil 8-iyul sanasi holatida koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 10 982 nafarni tashkil etmoqda.

Iyul oyining birinchi haftasida bemorlar soni 2 167 nafarga ko‘paygan, shundan 1 267 ta (58 foiz) holat aholi orasida aniqlangan. Bu karantin davridagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Afsuski bemorlar orasida o‘lim soni ham ortib bormoqda, hozirgi kunda jami 45 kishi bevaqt o‘lim topganligi ham barchamizni jiddiy tashvishga solishi shart. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida joriy yil 8-iyul sanasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bu juda murakkab sinov va og‘ir kurashda ko‘p narsa o‘zimizga, aql bilan harakatimizga, sabr-toqatimizga, temir intizom bilan qat’iyat va jipslikda ish ko‘rishimizga bog‘liq. Lekin, ming afsuski, aholi o‘rtasida ko‘pchilik mana shu talablarga to‘la amal qilmayapti.

Ayniqsa, tibbiy niqob taqmaslik yoki uni nomiga taqish, sanitariya-gigiyena qoidalarini buzish, o‘zaro qo‘l berib ko‘rishish, ijtimoiy masofani saqlamaslik, zaruratsiz oilaviy tadbirlarni o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda.

Yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olib, Respublika maxsus komissiyasiga koronavirus pandemiyasini jilovlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish yuzasidan zarur topshiriqlar berildi. 

Yuqoridagilarni inobatga olib Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 2020-yil 10-iyuldan e’tiboran respublika miqyosida avtotransport vositalarining harakatini cheklash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etilmoqda:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov) to‘xtatiladi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno).

Avvalroq IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov butun respublika «qizil hudud»ga aylantirilganini, endi Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga ishlovchilarning kirib chiqishiga ham ruxsat berilmasligini ma’lum qilgandi. Biroq bu cheklov maxsus komissiya qarorida o‘z aksini topmadi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra jamoat transporti harakati ham to‘xtatilishi ma’lum bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring