Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident avtomobillar ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Prezident avtomobillar ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni avtomobil sanoatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimiz avtomobilsozligi o‘tgan yigirma uch yil mobaynida izchil rivojlanib, ichki va tashqi bozorda o‘z o‘rnini topdi. Joriy yil 1 oktyabrdan imtiyozlar bekor qilinishi bilan ushbu tarmoq ham erkin bozor sharoitiga o‘tadi. Bu korxonalarda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etishni, mahsulotlarni bozorbop va raqobatbardosh qilishni talab etadi.

Joriy yilning olti oyida ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 154 foizga oshib, 1 trillion so‘m sof foyda olingan. Qariyb 73 million dollarlik avtomobillar eksport qilingan. Ichki bozorda mahalliy avtomashinalar ulushi 97 foizga yetgan.

Bular yaxshi, albatta. Biroq, gap lokalizatsiya darajasi haqida borganda raqamlar maqtanarli emas. Bu ko‘rsatkich yengil avtomobillar ishlab chiqarishda 45 foiz, yuk avtomobillari va avtobuslarda 24 foiz, xolos.

Yig‘ilishda lokalizatsiya darajasini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish orqali eksportni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.

«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasiga umumiy ishlab chiqarish hajmini 2023 yilga qadar hozirgi 250 mingdan 350 ming donaga, eksport hajmini kamida 100 ming donaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Buning uchun, avvalo, tarmoqda ilg‘or boshqaruv tizimini joriy qilish, xorijiy konsalting kompaniyalari mutaxassislarini jalb etib, ishlab chiqarish va mahsulot tannarxini optimallashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Eksportda bir dona yengil avtomobilning logistika xarajati narxning 8-10 foizini tashkil qilishi qayd etilar ekan, bu xarajatlarni davlat tomonidan qisman qoplab berish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Xorijiy distribyutorlar bilan birgalikda eksport narxini qayta shakllantirish va tashqi bozorlarga kafolatli chiqish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Bugungi kunda 5 turdagi yengil avtomobil 5 ta alohida platformada ishlab chiqarilayotgani ham xarajat, resurs va vaqt sarfini ko‘paytirib, mahsulot narxiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Shu bois yig‘ilishda yagona platformada bir necha markadagi avtomobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Xorijiy kompaniyalar bilan sheriklikda tijorat avtomobillari ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, «MAN Auto» va SamAuto» korxonalariga xitoylik va yaponiyalik hamkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarini jalb qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga tarmoqda lokalizatsiya darajasini oshirish, xususan, import qilinayotgan 22 turdagi bazaviy qismlarni yurtimizda ishlab chiqarishni tashkil qilish topshirildi.

Importni notarif mexanizmlar orqali tartibga solish, transportlarning atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha xorijiy standartlarni joriy etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari avtomobillar narxini barqaror saqlab, sifatini oshirish, yangi hamyonbop modellar ishlab chiqarish va mahalliylashtirishni kengaytirish orqali mahsulotlarning bozordagi o‘rnini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring