Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘g‘il otasi sovg‘a qilgan «BMW»ni daryoga oqizib yubordi — unga «yaguar» kerakmish (video)

O‘g‘il otasi sovg‘a qilgan «BMW»ni daryoga oqizib yubordi — unga «yaguar» kerakmish (video)

Skrinshot

Hindistonning Yamunanagar shahri (Xaryana shtati)da yashovchi Akash ismli yigitchaga 22-tavallud ayyomida otasi ajoyib sovg‘a keltirdi — 3-seriyali yap-yangi «BMW». Akash quvonganidan o‘zini qo‘yishga joy topolmay qolgandir-da deb o‘ylasangiz, chuchvarani xom sanagan bo‘lasiz.

Otasining erkasi deb shunaqalarni aytishsa kerak-da: Akashga mashina yoqmadi, unga «yaguar» kerakmish. Bu mashina o‘zi va do‘stlari uchun «torlik» qilarkan. Xullas, arzanda shunchalik ranjidiki, mashinani haydab borib, shundoqqina oqib o‘tayotgan daryoga oqizib yubordi... U yerda yashovchilar bunaqa mashinani hatto orzu ham qilishmaydi, haqiqiysini esa birinchi marta daryoda ko‘rishdi...

Albatta, bir to‘da bekorchilar fursatni boy bermay mashinani qutqarishga, qayiqqa tros bilan bog‘lab suvdan tortib chiqarishga urinib ko‘rishdi. Ammo mashina saloni suvga to‘lib bo‘lgach, u xuddi xayrlashmoqchi bo‘lgandek oxirgi marta to‘rtta yettilik raqamini ko‘rsatdi-yu, suv ostiga cho‘kib ketdi.

Keyinchalik mashinani sayozlikda loyqaga qorishib yotgan holda topishdi. Bunaqa mashina (yangisi) Hindistonda 3,5 million rupiya (44 000 yevro atrofida) turadi. «BMW qotili»ni noshud farzand, otasining arzandasi deb koyiganlar ham bo‘ldi. Do‘stlari ham uning qilig‘ini oqlashmadi.

Voqea joyiga yetib kelgan politsiya ish ochib ham o‘tirmadi, chunki bu — «oilaviy ish».

Ota esa o‘zini ayblamoqda, o‘g‘li aytgan «yaguar»ni sotib olishga puli yetmapti...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring