Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Avtomobilsozlikda ishlatiladigan metall narxi oltindan ham qimmatlashib ketdi

Avtomobilsozlikda ishlatiladigan metall narxi oltindan ham qimmatlashib ketdi

Foto: «Zolotogid»

Jahon bozorida palladiyning narxi o‘tgan yiliyoq oltindan oshgan edi, bu yil yana 40 foizga qimmatladi va bu chegara emas — «RIA Novosti» so‘rovnomasida ekspertlar shunday javob bergan.

Hozir palladiyning bir unsiyasi (1 unsiya = 31,1034768 gramm) 1,8 ming dollarga sotilyapti (oltinning bir unsiyasi — 1,5 ming dollar), 2019-yil yakuniga borib bu metall qiymati hatto 2 ming dollardan oshib ketishi kutilmoqda.

«Palladiy qiymatining bunchalik tez oshib ketishiga asosan fundamental omillar sabab: Yevropa va Xitoy avtosanoatida palladiyga talab keskin oshib ketdi, ta’minotda uzilishlar bo‘lyapti», — dedi «Saxo Bank» tovar-xomashyo bozoridagi strategiyalar bo‘limi rahbari Ole Hansen.

Palladiy benzinli dvigatellardan chiqadigan gazlarni kamaytiruvchi katalizatorlar tayyorlashdi ishlatiladi, yirik mamlakatlarda ekologik talablar tobora kuchaytirilayotgan sharoitda bu metallga talab ham, uning narxi ham oshib boraveradi.

«Qachonki palladiy o‘rniga boshqa metall ishlatishni o‘zlashtirish darajasiga chiqqanimizda yoki global iqtisodiyot sekinlashuvi yangi avtomobillarga talabni kamaytirgan taqdirdagina palladiy narxining oshishi to‘xtashi mumkin», — qo‘shimcha qildi Hansen.

«Qimmatbaho palladiyni nisbatan arzonroq platinaga almashtirish haqida ko‘p tortishuvlarga qaramasdan, hozircha bu ish amalga oshgan emas. Bu murakkab va o‘ta sekin texnologik jarayon, kamiga xarajati ham katta. Boshqa transport vositalariga, masalan, palladiy qo‘llanilmaydigan elektromobillarga o‘tishga ko‘p yillar ketadi, shunday ekan hali-veri palladiyning qiymati pasayishiga umid qilmasak ham bo‘ladi», — dedi «Promsvyazbank» bosh tahlilchisi Roman Antonov.

Platina qo‘llaniluvchi dizelli dvigatellarga qaytish g‘oyasi ham vaziyatni o‘zgartirishiga ishonish qiyin, deydi yana bir tahlilchi Oksana Lukicheva. Baribir palladiy tanqisligicha qolaveradi: Rossiyada platinoidlar ishlab chiqarilishi kamaymoqda, Janubiy Afrikadagi ishlab chiqaruvchilar esa muammolar girdobiga o‘ralashib qolgan. Global bozorga hatto AQShda 2019 yili ishga tushirilgan yangi kon ham yordam berolmaydi, chunki Kanadadagi «Vale» va «Glencore» kompaniyalari chiqarayotgan palladiy miqdori ozayib ketgan.

Ma’lumot uchun: Jahondagi palladiyning katta qismini Rossiya beradi (40 foiz atrofida), qolgan qismi asosan JAR, Kanada va AQShga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, global bozorda palladiy eng ko‘p qo‘llaniladigan soha aynan avtomobilsozlik — 53 foiz atrofida, shuningdek, elektronika (15 foiz), stomatologiya (11 foiz), zargarlik (10 foiz) sohalarida ham bu qimmatbaho metall ko‘p ishlatiladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring