Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda Qozog‘iston avtobusining halokatga uchrashiga nima sabab bo‘lgan edi?

Buxoroda Qozog‘iston avtobusining halokatga uchrashiga nima sabab bo‘lgan edi?

Foto: Buxoro viloyat IIB

Kecha, 4 avgustda «Buxoro-Xorazm» (Olmaota-Nukus) yo‘nalishida harakatlanib borayotgan yo‘lovchi avtobus yo‘l chizig‘idan chiqib ketib, ag‘darilgani haqida xabar berilgan edi. Yo‘l transport hodisasi oqibatida avtobusda 1 nafar yo‘lovchi shaxs voqea joyida vafot etgani, 2 nafar shaxs og‘ir va 8 nafar shaxslar turli darajadagi tan jarohatlari olgandi.

Buxoro viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor harakatlar natijasida holatga oydinlik kiritildi. «VANHOOL» rusumli, KZ545 APV13 raqam belgili ushbu yo‘lovchi avtobus Qozog‘istonning «Yug Trans Layn» jamiyati haydovchisi Rustamjon Aliyev boshqaruvida bo‘lgan. R. Aliyev uyqu eltishi tufayli Jondor tumanidagi «Luqmon» MFYga qarashli cho‘l hududidan o‘tuvchi A-380 xalqaro ahamiyatdagi yo‘l — Buxoro-Xorazm (Almata-Nukus) yo‘nalishining 299-kilometrida boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda avtobus yo‘ldan chiqib ketgan va ag‘darilgan.

Avtobusda 2 nafar haydovchi va jami 46 nafar fuqaro bo‘lgan, ularning 13 nafari qozog‘istonlik, 33 nafari esa o‘zbekistonlik bo‘lgan.

Avariya natijasida 2008 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus shahrida tug‘ilgan, voyaga yetmagan Aray Umurzakova voqea joyida vafot etgan. 12 nafar yo‘lovchi esa avariyadan so‘ng yo‘lovchi transportlar orqali yashash manzillariga ketib qolgan. Hozirda ushbu fuqarolarning ham shaxsini aniqlash bo‘yicha tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

— Mudhish avariya sodir bo‘lgani haqidagi xabar kelgach, zudlik bilan yetib kelindi va jabrlanganlar Gazli shaharchasidagi shifoxonaga yetkazildi. Ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi. Jabr ko‘rgan va ahvoli nisbatan xavotirli bo‘lgan 12 nafar fuqaro Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga olib kelindi. 8 nafariga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilib, ahvoli o‘nglangach, uylariga ruxsat berildi. Qolgan 4 nafar bemorning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda bo‘lib, muolajalar davom ettirilmoqda, — dedi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Narziyev.

Holat yuzasidan avtobus haydovchisi R. Aliyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun: Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati xabaricha, viloyat rahbari yo‘l transport hodisasi oqibatida jabrlanganlar holidan xabar olish uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga kelgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring