Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Xotin-qizlar qo‘mitasiga ayollarga oid 3 ta amaliy taklif

Xotin-qizlar qo‘mitasiga ayollarga oid 3 ta amaliy taklif

So‘nggi kunlarda Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan bog‘liq ko‘plab munozarali holatlar bo‘ldi. Qo‘mitaning o‘z harakatlarini izohlashga qilgan harakatlari vaziyatni ko‘p ham o‘zgartirmadi, menimcha.

Qo‘mitaga imijini yaxshilash uchun 3 ta kichkina taklif aytaman, imkonini qila olsa, amalga oshirsin. Aslida quyida aytilayotganlar ularning asosiy majburiyati ham:

1. Diskriminatsiya

Ayol xodimlar farzandli bo‘lganda, ularga bolasi 2 yoshga to‘lgungacha haq to‘lanadigan ta’til beriladi. Va ushbu ta’til davomida 2 «minimalka» miqdorda nafaqa to‘lanadi. Xalq tilida bu «bola puli» deyiladi.

2013 yilgacha ushbu nafaqa hamma ayol xodimlarga berilardi. Ammo o‘sha yili Moliya vazirligining avvalgi rahbariyati budjetni iqtisod qilish maqsadida ko‘p «islohot»lar o‘tkazdi. Ular bola puliga ham «yopishdi» va yangi qoidaga ko‘ra, bola puli faqat nodavlat tashkilotlarda ishlaydigan ayollarga ish joyidan beriladigan bo‘ldi.

Ammo budjet tashkilotida ishlaydigan ayollarga ish joyidan bola puli berilmaydigan bo‘ldi. Ular bola pulini faqat mahalladan olishi mumkin. Unda ham oilasi kam ta’minlangan bo‘lsagina berishadi. Mahalladan bola pulini olish qay darajada qiyin va korrupsiyalashgan tizim ekanligini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak.

Xullas, qonunchilikdagi ushbu diskriminatsiyani bartaraf etish kerak. Budjet tashkilotida ishlaydigan ayollarni qolganlardan qayeri kam? Ularning aybi davlat tashkilotida ishlaganimi? Lekin ular ham ona-ku! Ular ham farzand dunyoga keltirdi-ku. Davlat g‘aznasi shu go‘daklarning haqqiga qarab qolmagandir har holda?

2. Adolatsizlik

Davlat bog‘chalarida bolalarni qabul qilish yoshini 2 yoshgacha tushirish kerak.

Bu haqida avval ham yozganman. Aniqrog‘i beva ayolning zorlanib yozgan maktubini e’lon qilgandim.

Bola puli 2 yoshgacha berilishini bilib oldik. Ammo ayollarda yana shunday huquq bor, agar istasa bolasi 3 yoshga to‘lgungacha o‘z hisobidan ta’til olishi mumkin. Bu majburiy emas, ixtiyoriy.

3-yildagi ta’tilni odatda o‘ziga to‘q ayollar oladi. Chunki 1 yil oylik olmasdan bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish oson emas.

Lekin farzandi 2 yoshga to‘lishi bilan ishga chiqmoqchi bo‘lgan ayollarning anchadan buyon boshi qotgan. Ular bolasini kimga qoldiradi? Oilasida qarovchi bo‘lmasa, ular oldida qanday yechim bor? Davlat bog‘chalari 3 yoshdan oladi, xususiy bog‘chalar esa juda qimmat. Qornini to‘ydirsinmi, bog‘chaga pul to‘lasinmi? Yoki bolasi 3 yoshga to‘lishini kutib, ishga chiqmay, uyda o‘tirsinmi? Unda 1 yil ularni kim boqadi?

Ta’kidlash joiz, ilgari davlat bog‘chalariga 2 yoshdan olinardi. Lekin keyinchalik 3 yoshga ko‘tarib qo‘yishdi. Ammo nima uchun qaror qabul qilayotganda ayollarning manfaatlari inobatga olinmagan?

3. Qonunsizlik

Bu masalani ham ilgari ko‘tarib chiqqandim. Ammo natija bo‘lmadi.

Qonunchilikka binoan, ayollarga tuqqunga qadar 70 kun, tuqqandan so‘ng 56 kun homiladorlik va tug‘ish ta’tili beriladi. Bu xalq tilida «dekret ta’tili» deyiladi.

Myehnat kodeksining 286-moddasiga ko‘ra, ana shu ta’til paytida to‘liq (100%) ish haqi miqdorida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi beriladi.

Ammo 2016 yil 27 dekabrdagi Prezident qarori hamda unga kiritilgan 2018 yil 4 apreldagi o‘zgartirishga ko‘ra, ishga kirganiga hali 1 yil to‘lmagan ayollarga dekret puli ish haqining 75%i miqdorida to‘lab berilishi belgilangan.

Bir narsani unutmangki, Prezident qarori hech qachon Qonundan ustun bo‘lolmaydi. Agar Qonun va Prezident qarori bir-biriga zid kelib qolsa, unda qonunga amal qilish kerak.

Ammo moliya bo‘limlari «paqillatib» 75% ish haqi berishmoqda. Mabodo birorta qonunni yaxshi biladigan buxgalter 100% to‘lagan bo‘lsa, unda «KRU» degan tashkilot 25% ish haqini ayoldan qaytarib olib, buxgalterning o‘zini jazolash masalasini ko‘tarishmoqda.

Aslida dekret puli stajdan qat’i nazar barchaga ish haqining 100%i miqdorida berilishi kerak. Qonun talabi shunday!

Bu qonunsizlikka qachondir barham beriladimi?

Mana shular 3 ta kichkinagina taklifim edi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi shu uchalasini ijobiy hal qila olsa (hech bo‘lmasa shunga harakat qilsa), har holda bu harakati bozorlarda Zulfiya she’rlarini qo‘yib berishdan ko‘ra, millionlab ayollarga ko‘proq amaliy foyda keltirsa kerak, deb o‘ylayman.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети