Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Birovning haqqidan qo‘rqish

Birovning haqqidan qo‘rqish

Yaponiyaga safar davomida bir sherigimiz iPhone 6S telefonini yo‘qotib qo‘ydi. Qayerda tushirib qo‘yganini aniq bilmaydi, ehtimol oxirgi kirgan 6 qavatli savdo markazida qoldirgan bo‘lsam kerak, deb taxmin qildi. Qaytib borgandi, savdo markazi yopilibdi (Yaponiyada deyarli barcha do‘kon va muassasalar 21:00 gacha taqa-taq yopiladi).

Ertasi kuni savdo markaziga borgandi, telefoni qo‘riqlash xizmatida turganmish. Kimdir telefonni topib olib, security’ga berib ketibdi.

Xuddi shunga o‘xshash voqeani juda ko‘pchilikdan eshitdim. Aytishlaricha, Yaponiyada yo‘qotilgan buyumlarning taxminan 95%i topilarkan. Chunki yapon xalqi birovning haqqiga xiyonat qilishdan juda qo‘rqadi. Birovning haqqi deganda faqat moddiy mulk (pul yoki buyum) emas, balki o‘zganing vaqti, o‘zganing mehnati, o‘zganing navbati, o‘zganing kayfiyati va hokazolar ham tushuniladi.

Shu sababli ham yaponlar korrupsiya, pora degan narsalarni hazm qila olishmaydi. Universitetda o‘qituvchisiga O‘zbekistondan kelgan mevalarni sovg‘a sifatida berib, talabalikdan haydalib ketishiga sal qolgani haqida gapirib berdi bir do‘stimiz.

Bizning jamiyatda ham ana shunday odat shakllanishini chin dildan istar edim.

@iqtiboslar kanalida ayni shu mavzuda kuni-kecha yaxshi post qoldirilgandi, Sizga ham ilindim:

— Yozda Yaponiyaga borib kelgan bir tanishimiz ushbu davlat haqida hikoya qilgandi: «Biror joyga narsangizni qo‘ysangiz, hech qachon yo‘qolmaydi. Birovni haqqidan juda qo‘rqishadi». Bu rost, avval ham eshitgandim, yangi chiqqan bir kinoning o‘zi obuna bo‘lgan kontentda chiqishini sabrsizlik bilan kutib yurgan bir yapondan «mana fleshkamda turibdi shu kino, tashlab beraymi?» deb so‘ragan o‘zbek do‘stim rad javobini eshitib, hayron qolgan. «Yo‘q, bu mualliflik huquqiga zid, yaxshisi yana ozgina sabr qilaman, chiqib qoladi o‘zimizda», — degan javob yangragan.

Shu bilan birga, haligi tanishim yaponlarning judayam ichuvchi xalq ekanini aytdi, masalan, bizga o‘xshab faqat uysiz bomjlar emas, ancha bilimli, talaba yoshlar ham, umuman har kim, ichib ko‘chada dumalab qolishi tabiiy hol ekan. Yo‘lovchilar indamay qarab, o‘tib ketaverisharkan – «ha bir kayf qilibdi-da». Ya’ni ertasiga, «falonchi alkash bo‘lib ketibdi, dumalab yotganini ko‘rdim», deb yurishmasa ham kerak. Ahloqsiz millat.

Bilasizmi, ahloq insonni muhtaram etadigan eng muhim o‘lchovdir. Jamiyatdagi o‘zaro munosabatlar shu asosda shakllanadi. Yaponlardan hayron bo‘layotganimizning sababi shu, ahloqni biz ular bilan biroz farqli tushunarkanmiz. Masalan, bir yapon uchun ahloqli inson – avvalo, birovning haqqiga xiyonat qilmaydigan odam. U alkash bo‘lishi, zinoga berilishi, boshqacharoq kiyinishi mumkin, lekin birovning haqqiga (pul, vaqt, zulm) xiyonat qilmasa, u ahloqli, o‘zbekcha ta’bir bilan aytganda, «bemalol qiz bersa bo‘ladi».

Avval ham yozgandim shekilli, islomda ikki turli gunohlar bo‘ladi. Birinchisi, Alloh bilan kishi o‘rtasidagi gunoh – namoz o‘qimaslik, ro‘za tutmaslik, aroq ichish, zino qilish kabi.

Ikkinchisi, ham Alloh, ham boshqa insonlarning haqqi – o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, yolg‘on, zulm. Aynan ikkinchi turdagi gunohlarning tavbasi og‘ir ekani, qiyomatda mazlum bandasi rozi bo‘lmaguncha, Alloh ham kechirmasligi aytiladi.

Endi qarang, biz insonning o‘zi uchun zulm bo‘lgan masalalardagi ayblarini ahloqsizlik deb atar ekanmiz va shunga qarab, unga munosabat qilar ekanmiz. Lekin poraxo‘r, zolim, hatto o‘g‘ri bo‘lsa-da, ularni uyimizning to‘riga o‘tirg‘izamiz, madaniyatli, ahloqli sanaymiz.

Biz qachonki, ahloq deganda faqat muloyim gapirish, kiyinish, zararli odatlardan xoli bo‘lishni emas, birovni haqqiga xiyonat qilmaslikni ham tushunsak, poraxo‘rni ahloqsiz deb atashni boshlasak, juda ko‘p balolardan xalos bo‘lishimiz mumkin. Bu tarbiya. Yosh bola ichib dumalab yotishni naqadar xunuk va yomon deb bilsa, poradan ham shunchalik xazar qilib ulg‘aysa...»

Post tugadi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети