Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Барно Султонова

Озодлик қўрқувнинг юзига тик қарай олишдир.

«O‘sadigan» boshmoqchalar yoxud kichiklashgan qadr-qimmat

«O‘sadigan» boshmoqchalar yoxud kichiklashgan qadr-qimmat

Birinchi voqea: Surxondaryoning Qiziriq tumanidan Gulnoza ismli ayol ijtimoiy tarmoqlarda  qoldirgan video xabar ko‘pchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi. Ayol uch yarim yoshli qizi Shahrizodaning yurak parogini davolatish maqsadida Toshkent shahridagi xususiy klinikada operatsiya qildiradi.

Operatsiyagacha har zamonda ko‘karib qolganini hisobga olmasa qizaloq boshqalar qatori chopqillab yurgan. Shifokorlar undan analizlar olib operatsiya qilish mumkin, degan xulosani berishadi. Qizaloq operatsiyadan chiqqach esa...

Bu yog‘ini onaning video orqali gapirib berganlaridan bilib olasiz: «16-may kuni operatsiya (farzandim) qilindi, so‘ng bir hafta reanimatsiyada yotdi. Bizga ko‘rsatishmadi. Bir haftadan keyin qo‘limizga berishdi. O‘shanda qizimning ahvoli og‘ir edi, hamma tarafi shishgan, siya olmas, chatonidan ukol teri tagidan, ya’ni «podkoja» ketgan edi. Buni shifokorlarga aytganimda, buyragi «otkaz» qilayapti, dedi. Yana reanimatsiyaga olamiz deyishdi.

So‘ng qizimning to‘rt joyidan narkozsiz teshib ko‘rishgan. Kuchli og‘riqdan qizim nafas ololmay qolgan. Lor vrach kelib, bo‘yniga turubka qo‘yguncha 3 soat kislorodsiz qolgan. Shuning evazigami, boshiga boradigan oziqa tomiri uzilganmi, bolamning ko‘zlari ko‘r, oyoq qo‘llari shol (bo‘lib) ishlamay qolgan.

Bu vaqtinchalik, yaxshi bo‘ladi deyishdi, lekin yaxshi bo‘lmadi. Klinika vrachi bolang qo‘rqdi, mulla olib kelib o‘qit dedi. Klinika reanimatsiyasida 2 oy yotdik. Tobora ahvoli og‘irlashdi, Surxondaryodagi viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasiga samolyot bilan o‘zlari qo‘yib ketishdi, bu yerdagi nevropatologlar odam bo‘lmaydi deyishyapti, bormagan joyimiz, ko‘rsatmagan vrachlarimiz qolmadi. Hozirgacha o‘pkasini, boshini tuzata olmayapmiz, boshida ko‘p suv bor deyishdi, bolamning sog‘ligi tufayli mening hayotim buzilmoqda».

Ikki-uch kun davomida muhokamalarga sabab bo‘lgan ushbu ayanchli holatni ko‘pchilik oxirigacha ko‘rishga yuragi dov bermayapti. Ko‘zlari ko‘r, tanasi ishlamayotgan, trubka orqali nafas olayotgan, og‘riqning zo‘ridan tinimsiz yig‘layotgan go‘dakning va bu holga kechayu kunduz guvoh bo‘lib o‘tirgan onaizoru, qari momoning sabr-bardoshiga to‘zim tilaysiz. Kardioxirurgiyadan xabari bor odamlar «bu bo‘lishi mumkin bo‘lgan holat, ba’zida o‘lim bilan tugashi ham mumkin», degan izohlarni ham yozib qoldirishmoqda.

Nima bo‘lganda ham fakt shuki: qizaloq o‘z oyoqlari bilan yurib borgan va ayanchli holda, nogiron ahvolda qaytgan. Albatta, shifokorlar o‘zlarini himoya qilish uchun ming bitta asosni qatorlashtirishadi. Ular bilan tortishish uchun kamida mana shu sohaning mutaxassisi bo‘lishingiz kerak. Ammo meni bir narsa o‘ylantiradi. Inson qadr-qimmati bizning jamiyatda nega bunchalar past?!

Avvalo, shifokorlarning qizaloqni narkozsiz to‘rt joyidan teshishining o‘zini tasavvur qilish qiyin. Hamshira qilgan ukol yoki pichoq bilan qo‘lingizni bexos kessangiz qanchalik joningiz og‘riydi. «Kuchli og‘riqdan qizim nafas ola olmay qolgan» onaning aytgan mana shu gapini eshitish asnosida bexos kuchli og‘riqni his qilasiz, nafasingiz bo‘g‘iladi.

Nahot shifokorda mana shunday og‘riqni his qilish sezgisi yo‘q. Axir, hattoki qassoblar hayvonga (qo‘pol taqqos uchun uzr) tig‘ urishdan oldin qiynamaslik maqsadida o‘sha asbobni o‘tkirligini qayta-qayta tekshirishadi. Axir go‘dakning joni og‘rishi shunchaki qo‘l siltaydigan narsami?

Ikkinchi meni hayratlantirgani — ayolning mana shu qiyin ahvolida turmushi buzilayotgani. Yozilgan izohlardan ma’lum bo‘lishicha ayolga eri: «sen nogiron bola tuqqansan», deya kun bermas ekan. Endigi vaziyat oila buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin ekan.

Aynan shunday paytlarda erkak, er xotinining yonida turib tirgak bo‘lishi kerak emasmidi?

Ba’zida o‘ylaysan, bolasi nogironligi uchun xotinini yozg‘iradigan, osongina kechib ketadigan erkaklar qaysi muhitda, qaysi jamiyatda, qanday oilada tarbiya topgan ekanini. Ularda iroda, g‘urur, hamdardlik, fidoyilik degan tushunchalar nega shakllanmay qolgan?

Ikkinchi voqea: Bu ham shu kunlarda bo‘lgan. Bir viloyatdan tahririyatimizga yosh qiz keldi. Nomusi toptalgan, boshini qayerga urishni bilmagani uchun oxirgi najotni shu yerdan qidirib kelibdi. 

Illyustrativ foto.

Aytishicha, uni badnom qilgan yigitning ota-onasi farzandini yashirib qo‘yibdi, yigitning aka-ukalari yo‘lda bu qizni tutib olib uribdi. O‘z otasi esa qizga gapirmay qo‘ygan. Aka-ukalar, opa-singillar undan or qilarmish. Ko‘rinishidan juda sodda, soddaki boshida ro‘moli bor, ko‘ylak lozimda, ko‘rinib turibdi, shaharga ham chiqmagan. «El ovulga qo‘shilolmayman, hamma meni ko‘rsatib gapiradi, o‘sha yigit bilan gaplashtirmaslik uchun barcha choralarni ko‘rishdi. O‘zim gaplashsam u meni tushunardi, menga uylanardi, ammo qarindoshlari yigitni yashirish bilan band...»

Kelin bo‘lsa bir uyni obod qiladigan qiz. Juda ko‘p kuzatamiz, qizni badnom qilgan yigitning qarindosh urug‘lari yigitni yo‘lga solib uylantirish, o‘z aybini bo‘yniga olib o‘sha qizga uylanishni maslahat berish o‘rniga qizni ayblashadi, tahdid qilishadi. Bundaylarga badnom bo‘lgan qizning keyingi hayoti muhimmas, muhimi mana shu xatoni imi-jimida bosti-bosti qilishsa bo‘ldi.

Yigitga aytadigan mard yo‘q, ota-ona yo‘q, aka-uka opa-singil yo‘q. «Hov, nomard, sen bir insonning taqdirini, hayotini barbod qilayapsan», deydigan insofli jon yo‘q. Nima bo‘libdi, badnom qilgan yigit shu qizga uylansa? Osmon uzilib yerga tushadimi? Yoki bir insonning bir umrga hayotini izdan chiqarib, kelgusida baxtli bo‘lishi mumkinmi? Qaytar dunyodan qo‘rqmaydimi?

Yana o‘ylaysan: mana shunday yigitlarning muhiti qanday? Ota-onasi, yashayotgan oilasi, jamiyati qanday? Ota-onalar nega nomard, tuban, pastkash. Psixologiyada kuchli onalar haqida shunday deyiladi: «O‘z va’dasini bajarish – ona o‘rgatishi mumkin bo‘lgan yaxshi jihatlardan biri. Bu barcha murakkabliklarga qaramay, o‘z va’dasini bajargan ona tuhfasi... Ko‘pchiligimiz guldonni sindirganimiz yoki ichimlikni gilamga to‘kib yuborganimizni inkor etganmiz. Ko‘pincha barini uka yoki singlimizga to‘nkaganmiz. Biroq kuchli onalar bizga aybni tan olish va qilgan ishimiz uchun o‘zimiz javob berishimiz kerakligini o‘rgatishgan. Kuchli ona o‘stirgan farzandni aynan shu jihatdan bilib olish oson...».  Demak, aslida jamiyatimizda mana shunday nomardlarning va qo‘rqoqlarning ko‘payib ketishiga kuchsiz onalarning tarbiya berolmagani sabab emasmi?

Uchinchi voqea: Amerikalik Kenton Li ismli yigit Keniyada volonter bo‘lib xizmat qiladi. U bir kuni kichkina qizaloqning oyog‘idagi krossovkalarini ko‘rib qoladi. Oyog‘iga sig‘magan boshmoqchalarning oldi qirqilgan bo‘ladi. Keyin u juda ko‘p bolalarni kuzatadi. Oyoq yalang yurgan bolalarning tovonlaridagi yiringli yaralar, tilingan, shilingan jarohatlar, virus tushgan tuzalmas kasalliklar Kentonni o‘ylantirib qo‘yadi. Afrikalik bolalarning yalangoyoq yurishi ulardagi yetishmovchilik, yo‘qchilik bilan bog‘liqligini tushunib yetadi. Keyin u 2009 yil 5 razmerga kattaradigan, ya’ni o‘sadigan poyabzallarni o‘ylab topadi. Usti haqiqiy charm, tagi mustahkam rezinadan ishlangan poyabzallar yoniga ham, bo‘yiga ham «o‘sadi».

Foto: humanstory.ru

Dastlab ushbu oyoq kiyimlarning 3000 jufti tezda sotilib ketadi. Keyinchalik Kenton juda ko‘p shunday boshmoqchalarni sotib olishga qurbi yetmaganlarga sovg‘a qiladi. Bola bog‘chaga chiqqandan toki 9 sinfni tugatgancha kiyishi mumkin bo‘lgan bu oyoq kiyimlar atigi 30 dollarga sotiladi. Gapning qisqasi, Kenton yaratgan kashfiyot millionlab bolalarning hayotini yaxshilaydi, taqdirini o‘zgartiradi...

Foto: humanstory.ru

Nimaga atrofimizdagi ba’zi odamlar bir insonning hayotini osongina do‘zaxga aylantiradi, taqdirini, kelajagini barbod qiladi. Nimaga ular uchun inson qadri, o‘zgalar hayotining qimmati bir chaqalik ahamiyatsiz. Jamiyatda minglab odamlarning taqdirini o‘zgartirish uyoqda tursin, eng yaqin odamlarining hayoti, taqdirini kunpayakun qiladigan qalbsiz, dilsiz odamlar qayerdan paydo bo‘ladi?

Nimaga yana shunday odamlar borki, ularning qalbi doimo uyg‘oq. Ular millionlab odamlarning taqdirini, hayotini yaxshi tomonga o‘zgartira oladi. Hech kim e’tibor bermaydigan afrikalik qashshoq bolakaylarning yara-chaqa oyoqlarini ko‘rib, qalbi qattiq og‘rigan va mana shunday holatlarga befarq bo‘lmasdan ularning taqdirini o‘zgartirgan shunday Kenton Li kabi insonlarni ko‘rib o‘ylayman: ularning yashagan jamiyati qanday, u tug‘ilib o‘sgan oila, u yashagan muhit qanday? Uning onasi qanday ayol? Men mana shularni juda-juda bilgim keladi...

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети