Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Kuyov: «Menga «turetskiy» sarpo qilishlarini xohlayman»

Kuyov: «Menga «turetskiy» sarpo qilishlarini xohlayman»

Foto: «od-press.uz»

Xotin-xalaj ko‘p joyda hangoma qizigandan qiziydi. Ayniqsa, to‘yu ma’rakalarda  kimning bo‘yi yetgan qizi boru kim o‘g‘lini uylantirish kerak «sarhisob» qilinadi. O‘tgan yili bir to‘yda ayollardan biri «mening o‘g‘limga qiz topsalaring-chi», deb qoldi, xizmat qilib yurgan bo‘ylari baland, kelishgan yigitni ko‘rsatib.

– Havas qilgulik o‘g‘lingiz bor ekan, har qanday qiz jon deb tegadi, – dedi ayollardan biri.

– Hamma gap ana shunda-da, daraxtni tepsa qiz yog‘iladi. Lekin men o‘g‘limni ichkuyov bo‘lsa degandim. Axir kuyovini o‘z o‘g‘liday ko‘rayotganlar ko‘p-ku, – dedi ayol hammani hayron qoldirgancha. – Qolaversa, uch o‘g‘limga uy-joy qilishning o‘zi bo‘ladimi?

Ko‘pchilik jim bo‘ldi. Shu payt o‘sha yigit yonimizga kelib qoldi. Ayollarning gapga chechanroqlaridan biri yigitga qarata:

– Onang seni ichkuyovlikka tavsiya qilyapti, nima deysan, – dedi.

– Ha, nima bo‘pti, – dedi yigitcha tirjaygancha. – Mana o‘rtog‘im g‘irt bekorchi, hech ishi yurishmas edi. Boy xonadonning yakkayu yagona qiziga uylandiyu ishlari yurishib ketdi. Yaqinda unga mashina sovg‘a qilishdi.

E, gap buyoqda ekan-da. Men yigitning surbetligidan emas, g‘urursizligidan xafa bo‘lib ketdim. Ba’zi yigitlar or-nomus uchun jon berayotgan bir paytda bu yigitchalar g‘ururini oyoq osti qilib o‘tiribdi. Bolakaylar yoshligida xarxasha qilib yig‘lasa, «o‘g‘il bola yig‘lamaydi, erkak kishiga yig‘lash yarashmaydi», deymiz. Lekin o‘z xohishi bilan ichkuyovlikka rozi bo‘lish erkak kishining ko‘z yosh to‘kishidan ham og‘irroq nomus emasmi?

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda shunday xabarga ko‘zim tushdi: «Mening sevgan qizimni falonchi do‘stim tortib oldi». Sevgan qizini do‘stiga osongina berib qo‘ygan yigitchani ham, o‘zga yigit bilan uchrashib yurgan qizni do‘stidan tortib olib «qahramonlik» qilgan yigitlarni ham oriyatli, g‘ururli deb atash mumkinmi?

To‘y-ma’rakalarimiz tog‘orasiz o‘tmaydi. Ba’zida oldinda xotinining tog‘arasini  ko‘tarib ketayotgan erkaklarni ham ko‘rib qolamiz. Ha, endi erkak ayoliga yordam beradi-da, deyishingiz mumkin. Lekin baribir erkakning tog‘ora ko‘tarib yurishi sal g‘alatiroq. Ba’zan eshitib qolamiz, tuppa-tuzuk katta lavozimlarda ishlaydigan erkaklar ham charlarga qancha narsa ketganiyu qizining sarposi haqida to‘lqinlanib gapirayotganini. Ammo har narsanining o‘z o‘rnida bo‘lgani yaxshi-da. Ayolning qop ko‘targanini qoralaganimizdek, erkakning tog‘ora ko‘tarishini ham oqlash kerak emas.

Yo‘q, biz bu bilan barcha erkaklar shunday demoqlikdan yiroqmiz. Atrofimizda oilasini himoya qilayotgan, tinimsiz mehnat qilib ro‘zg‘or tebrayotgan, vatan chegaralarida tinchligimiz uchun jonini berishga shay turgan erkaklar haddan ortiq. Ularning boriga shukr. Lekin... guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, hamiyatsiz yigitlarning ozi ham ko‘p-da.

Erkaklarning ba’zilari ishlamay uyda o‘tirgancha xotinining topib kelgan puliga yashayotgan, yoki ayoli nopok qadam tashlayotganini ko‘rib ko‘z yumayotganlar ham bugungi kun uchun yangilik emas. Hatto xotinini xorijga yuborib farzandlariga qarab o‘tirgan erkaklar ham bor-da oramizda. So‘rasangiz, men xotinimga ishonaman, deydi og‘zini to‘ldirib. Bu bilan u ishonchni niqob qilib g‘ururini poymol qilmayaptimi? Avvallari erkaklarda lafz, or-nomus kuchli bo‘lishi kerak, degan ibora tez-tez qulog‘imizga chalingan bo‘lsa, endilikda bu gaplar shunchaki aytilayotganday.

Bir paytlar erkaklar ayollarining bozor-o‘char qilishlarini nomus bilganlar. Erkak turganda ayol og‘ir sumka ko‘tarmagan. Bugungi kunda ayolning og‘ir sumkayu qop ko‘tarishi oddiy holga aylandi. Endi esa bong uramiz: «Ayol bozorga chiqdi. Ayol odam savdosiga giriftor bo‘ldi. Ayol xiyonatkor bo‘ldi». Axir aka-ukasi, turmush o‘rtog‘i tog‘dek suyanch bo‘lmagandan keyin ayol adashadi, aldanadi.

Bir ayolni bilaman. Uch nafar toparmon-tutarmon akalari bor. Ammo akalar faqat o‘z oilasini o‘ylaydi. Ikkitalab hovli-joy solgan. Ammo eri o‘lgan singlisi uysiz-joysiz. Bolasini onasiga tashlab xorijga ishlashga ketdi. Xo‘sh, o‘sha ayolning uy-joysiz yashashiga kim aybdor. Albatta g‘ururi, ori yo‘q akalar aybdor.

Yaqinda bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Buyam bir to‘yda. Eshitishimizcha, kelin kuyovdan besh yosh katta ekan. Ha nima bo‘pti, yoshning nima ahamiyati bor, ko‘ngil ko‘ngilga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa bo‘ldi-da, dersiz. Men ham xuddi shunday o‘ylagandim. Ammo qarindoshlarning aytishicha yigit: «Mayli, yoshi katta bo‘lsa ham shu qizga uylanaman. Toshkentda uyi bo‘lsa bo‘ldi», degan ekan.

Ana endi u yigitning ahvolini tasavvur qilavering. Bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘i yigitni qo‘llab-quvvatlasa-ku xo‘p-xo‘p, ammo mehnat qilmay osongina uy-joyga erishgan bu yigitchaga xotini qachongacha ta’na qilmaydi, deb o‘ylaysiz. «Mening uyimda yashayapsiz, men uchun nima qilib qo‘yibsiz?», degan ta’nayu malomatlarni eshitmasligiga kim kafolat beradi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yana bir videorolik ko‘pchilik, ayniqsa, erkaklarning orini qo‘zg‘ab yubordi.

Videoning boshini eshitishning imkoni bo‘lmadi. Ammo anglaganim shu bo‘ldiki, TV qarshisida yigitdan ajralishining sababini so‘rashdi shekilli. Shunda yigit: «O‘rtoqlarimga «sarpo kiydirar»da «turetskiy» kiyimlarni sovg‘a qilishdi, menga esa oddiy G‘ijduvonning narsalarini kiydirishdi. Men «turetskiy» kiyimlar sovg‘a qilishadi, deb o‘ylagandim, ular esa pastkashlik qilishdi...» dedi. Ushbu videoni ko‘rib deyarli barcha odamlar uning o‘zini pastkashlikda, g‘urursizlikda ayblashdi.

Xo‘sh, bu yigitlar nima uchun g‘urursiz, orsiz? Albatta ko‘pchilik otasi tarbiya bermagan, otasi o‘rnak bo‘lmagan, o‘g‘il bolaga ota ibrat bo‘lishi kerak deb yozg‘irishadi. Yo‘q, menimcha bu yerda, avvalo, onalar aybdor. Onalarning ortiqcha «orzu-havas»lari sabab. Zero, onalar bilib-bilmay o‘g‘lining sha’nini, orini, g‘ururini toptayapti. Chunki «sarpo kiydirar» urfini aynan ayollar o‘ylab topgan va qo‘llab-quvvatlagan. Ona aytmaydimi, o‘g‘limga kelin tomon qiladigan sarponing qizig‘i yoki keragi yo‘q, deb. Ona aytmaydimi, kelin o‘z tomoni uchun sarposini qilsin, kam-ko‘stini biz olib beraylik, lekin o‘g‘lim o‘zi uchun o‘zi sarpo oladi, deb. O‘sha yerda o‘g‘il onasining bu gaplaridan faxr tuymaydimi? Afsus, o‘z g‘ururi, sha’nini o‘ylaydigan onayu o‘g‘illar oramizda juda kam...

Aksincha, «xotiningning zoti past, qiziga olgan mebelini qara» yoki «xotiningga ayt, uyidagilar beshik to‘yiga 43lik televizor olib kelsin», «xotining otasi mashinasini sotibdi, deb eshitdik, yarim pulini bizga bersin», deya o‘g‘lini «gado»lik qilishga undayotgan onalar va ular bilan bog‘liq noxush holatlar shu  kunlarda hayotimizda trend voqelikka aylangan...

Yigitning g‘ururi, ori bo‘lsin ekan-da. G‘ururi biland erkak oila sha’nini ham himoya qila oladi, shuningdek, yurt sha’nini ham. Oila mustahkamligiyu Vatan tinchligi ori baland yigitlarga bog‘liq. Shunday emasmi?

Комментарии 1

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети