Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Tibbiyotimiz ojizligini ko‘rsatdi: Samarqandda yaxshi bir inson bevaqt vafot etdi

Tibbiyotimiz ojizligini ko‘rsatdi: Samarqandda yaxshi bir inson bevaqt vafot etdi

Noyabrning so‘nggi yakshanbasida Samarqanddan mudhish xabar keldi: viloyat hokimligining «Zarafshon» gazetasi xodimi, jon qadar do‘stimiz Abduvali Ochilov hayotdan ko‘z yumdi. Ko‘plar dong qotdi, quloqlariga ishonmadi. Axir Abduvali yotib qolmagan, bir kun oldin ham ishga borgan, kechgacha tahririyatda bo‘lgan edi. Yakshanba kuni bozor-o‘char qilib kelgan, o‘zi osh damlagan, oila a’zolari davrasida mazza qilib o‘tirgan. Tushdan keyin yotib uxlagan, uyg‘ongach, oshni isitib berishlarini so‘ragan va tanovul qilgan. Shundan so‘ng nimadir bo‘lganu yiqilgan. Darhol chaqirilgan  «tez yordam» «toshbaqa yurish» qilib kelguncha Abduvalining yuragi urib turgan. Yetib kelganlarida esa uning umri poyoniga yetgan edi...

Tibbiyotda besh daqiqa, hatto besh soniya ham katta ahamiyat kasb etadi: shu lahzalar davomida bemor hayotini saqlab qolishi mumkin. Hayotda bunday misollar juda ko‘p. Chaqirilgan «tez yordam» esa yarim soatdan ko‘p vaqt o‘tib kelgan. Vaholanki, Abduvali Ochilovning uyi shaharning chekkasida emas, markazda joylashgan. Ko‘chada mashinalar qatnovi ko‘p, tirbandlik edi, deb ham bo‘lmaydi. Yakshanba kuni qatnov kam, qolaversa, «tez yordam» mashinasi yo‘lga tushsa, har qanday boshqa transport vositasi  yo‘l bo‘shatadi

Hammasiga hali-hanuz eskicha tizimda ishlanayotgani, beparvolik, loqaydlik sababchi. O‘z burchiga sovuqqon qaragan tibbiyot vakillari tufayli bir yaxshi inson 47 yoshida hayotdan ko‘z yumdi.

Abduvali chin do‘st, fidoyi xodim, samimiy va kamtarin inson edi. Barcha bilan kulib gaplashar, do‘stona munosabatda bo‘lardi. Shu bois uning vafoti haqida eshitgan yaqin-yiroqdagi odamlar «Attang, shunday yaxshi inson-a», deyishdi.

To‘g‘ri, u betob ham edi, bir necha marta tibbiy ko‘rikdan o‘tdi, muolajalar oldi. Ammo zamonaviy tibbiyot uni qutqarib qololmadi. Har kasalxonadan har xil tashxislar qo‘yilaverdi, hech bir do‘xtir davolanishning aniq yo‘lini ko‘rsata olmadi. Uzundan-uzoq dori-darmonlar ro‘yxatini berib, dorixonama-dorixona yugurtirishdi, xolos.

Do‘stim Abduvali bilan bir hafta oldin telefon orqali gaplashgan edim. Sog‘lig‘ini so‘radim, kayfiyati bilan qiziqdim. Bir necha marta qo‘ng‘iroq qilganimda javob bermagani, xavotirlanganimni bildirdim. U esa davolanish uchun viloyatdagi mashhur vrachning huzuriga borgani, undan aniq dignozni so‘raganida «qo‘rqinchli diagnoz» qo‘ygani haqida gapirib qoldi. «Bu vrach menga, sen o‘lib boryapsan, dedi, shokka tushdim», dedi Abduvali.

Inson qanchalik samimiy, kamtarin bo‘lsa, demak, u shu qadar ta’sirchan ham bo‘ladi. Farosatsiz vrach nojoiz gapirib, so‘ng esidan chiqarib yuborishi mumkin, bemor esa aslo yodidan chiqarmaydi, tunu kun shu haqda o‘ylaydi. Bu bora-bora botiniy ongini mahf etadi. Oqibatda tashxisga ishona boshlaydi, salgina qattiqroq yo‘tali ham ajalni chaqirayotgandek tuyulaveradi. Abduvali ham o‘lim haqida o‘ylaydigan bo‘ldi, ikki kun trans holatiga tushdi.

Tavba, deysan, vrachlar vrachligini qiladimi yoki bashoratchilik bilan mashg‘ul bo‘ladimi? Shirin so‘z ila tushuntirish, umid uyg‘otish o‘rniga bir og‘iz gap bilan bemorni o‘limga hukm qiladimi? Bu qanday bedodlik! To‘g‘ri, peshonada bori bo‘ladi, buni yaxshi tushunamiz. Biroq birgina shirin so‘z tufayli oyoqqa turib ketayotganlar va birgina yomon kalom oqibatida hayotdan ko‘z yumayotganlar ham bor gap! Qahri qattol vrach shu qadar «qo‘rqinchli tashxis» qo‘ygan ekan, Abduvaliga emas, uning yaqinlariga aytishi mumkin edi-ku!  

Dafn marosimi chog‘ida «Samarkandskiy vestnik» gazetasida ishlovchi Rim aka bilan gaplashib qoldik. «Menga, oshqozon osti bezingdagi kasallik tufayli bor-yo‘g‘i ikki yil yashaysan, deyishgandi. Mana, oradan qirq olti yil o‘tdi. Vrachlarga kim huquq bergan o‘zi bashoratchilikni?»  deydi u xunob bo‘lib.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bemor dardiga davo berish o‘rniga sovuqdan-sovuq karomatlar qilayotgan vrachlar haqida bilarmikan? Joylarda uyushtirilayotgan zo‘rma-zo‘raki «qasamxo‘rlik» tadbirlariga hech qanday munosabat bildirmay, e’tiborsiz qarash o‘rniga tibbiyotda chuqur islohotlar o‘tkazsa bo‘lmaydimi? Vrachlar ongi, tafakkurini yuksaltirish fursati allaqachon kelganini kim tushuntirib beradi? Nahotki no‘noq, tili zahar, befarosat do‘xtirlar  Abduvali kabi ko‘ngli ochiq, ishonuvchan insonlarning ajaliga qamchi uraversa? «Tez yordam»-chi? Qachongacha u imillab yuradi? Qachon tez tibbiy yordam ko‘rsatadi o‘zi?

Abduvalining uch nafar farzandi: ikki qizi, bir o‘g‘li bo‘zlab qoldi. Ota mehriga to‘yib-to‘ymagan kichkintoy Sevinch uch yarim yoshda. U otasini so‘raganida nima deydilar? Savollariga qanday javob beradilar? Otasi haqida Sevinchga onasi, opasi, akasi, yaqinlari javob berishi mumkin, biroq tibbiyot hech qachon javob bermaydi. Javob berolmaydi ham, u shunchalik notavon, ojiz!

Abduvalijon, jon do‘stim, oxiratingiz obod bo‘lsin. Na chora, diydor qiyomatga qoldi endi...

Inna lillahi va inna ilayhi roji’un.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети