Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Manqurtlar hozir ham bor

Manqurtlar hozir ham bor

Foto: «Archive of Our Own»

Chingiz Aytmatovning «Asrga tatigulik kun» romaniga ko‘ra, manqurt — asirga olingan, ruhsiz qul bo‘lib, xo‘jayiniga so‘zsiz itoat qiluvchi, xotirasidan mahrum qilingan odamdir.

Aytmatovga ko‘ra, asirga tushgan tutqunning sochini qirtishlab olib tashlab, uning boshiga hozirgina so‘yilgan tuyaning bo‘yin terisi kiydirilgan. Shundan so‘ng uning qo‘l-oyog‘i bog‘lanib, boshini yerga tekkiza olmasligi uchun bo‘yniga kattakon taxtakach kiydirilgan va shu ahvolda bir necha kun cho‘lning o‘rtasiga tashlab qo‘yilgan.

Sahroning ayovsiz quyoshi ostida tuyaning terisi qotib, tirishib, bechora tutqunning boshini siqa boshlar, uning tikandek o‘sa boshlagan sochlari terisiga qadalib, misli ko‘rilmagan og‘riq berar, buning ustiga tashnalik azobi chidab bo‘lmas qiynoqqa solar edi.

Ma’lum vaqt o‘tgach, tutqun o‘lib ketar yoki xotirasidan butkul mahrum bo‘lib, ideal qulga aylanib qolar edi. Irodasiz, xo‘jayiniga itdek itoatkor manqurt qullar oddiy qullardan bir necha baravar qimmat turar edi.

«Asrga tatigulik kun» romanida nayman urug‘idan chiqqan Do‘nanboyning o‘g‘li, mergan yigit Jo‘lomon juanjuanlarning qo‘liga asir tushib qolib, manqurtga aylantiriladi. Farzand dog‘ida kuyib ado bo‘lgan Nayman ona uzoq qidirib yurib, axiyri jigargo‘shasini topadi. Biroq, manqurt o‘g‘il uni tanimaydi. Tanish uyoqda tursin, manqurt o‘zining mergan qo‘llari bilan xo‘jayinlarining buyrug‘ini ado etib, kamon o‘qini o‘z onasining yuragiga bexato uradi...

«Manqurt» so‘zi ko‘chma ma’noda o‘z tarixini, o‘z naslini, o‘zining tomirlarini unutgan kishiga nisbatan ishlatiladi. Manqurt so‘zi publitsistikaga urf bo‘lgan laqabga, o‘z qadriyatlarini, o‘zining aslini, o‘zligini unutgan, yo‘qotgan odamning ramziga aylanib qoldi.

Shu so‘zdan olingan manqurtlik (mankurtizm) atamasi ham muomalaga kirib qoldi. Bu atama ayniqsa Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tatariston, Boshqirdistonda o‘z milliy madaniyatiga beparvo bo‘lganlar uchun haqoratli laqabga aylandi.

Romanda aytilishicha, manqurtga «nimani istaysan?» deyishsa, «Osmondagi oyni» deydi. Kim birinchi borib, qo‘l-oyog‘ini bo‘shatib, boshidagi tuya terisini yechib olib, o‘rniga qalpoq bersa, manqurtga aylangan tutqun o‘sha odamni o‘zining xo‘jayini deb eslab qoladi va unga umr bo‘yi itdek sodiq qulga aylanadi. Uning uchun dunyoda eng dahshatli narsa – ana shu qalpog‘idan ayrilish. Juanjuanlar uni masxara qilib, anavi seni izlab kelib, yig‘lab, atrofingda girdikapalak bo‘layotgan xotin sening qalpog‘ingni olib qo‘ymoqchi, deb qo‘rqitadilar. Bu gapdan manqurtning ko‘zlari ola-kula bo‘lib, qo‘rquvdan rangi gezarib ketadi. Shunda xo‘jayinlari uning qo‘liga o‘q-yoy berib, o‘zining qalpog‘ini osmonga otadi, manqurt qalpoqni bexato nishonga oladi. Demak, uning xotirasi o‘chgani bilan, qo‘lidagi qobiliyati, iste’dodi saqlanib qoladi.

Buyuk adib Chingiz Aytmatov bugungi avlodning ana shunday o‘zligini yo‘qotgan, lekin qo‘lidan hamma ish keladigan vakillarini manqurtlarga o‘xshatadi. O‘zligini bilmaydigan bu avlod romanda o‘z millatdoshlarini «xalq dushmani» sifatida qamab, o‘ldirib yuborib, huzur qiladi. Unga bu vakolatni, bu mansabni kim bersa, o‘sha unga xo‘jayin. Xo‘jayinlari unga nimani buyursa, faqat shuni qiladi. Ertayu kech o‘sha xo‘jayinlariga yoqishning dardida bo‘ladi.

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети